Oziq-ovqat mustaqilligi – farovonlik, barqarorlik va taraqqiyotning muhim omili
06.06.2014

Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida 6-iyun kuni Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Forumda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari, diplomatik missiya rahbarlari, AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Avstriya singari qirqdan ortiq mamlakatdan yetakchi ekspert va ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Xalqaro forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Joze Gratsianu da Silva O‘zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha global jarayonda faol ishtirok etayotgani va 2000-yilda bo‘lib o‘tgan Mingyillik sammitida dunyo mamlakatlari oldiga qo‘yilgan, xususan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vazifalarni reja asosida amalga oshirayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki yillaridan ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish, barcha sohalarda keng ko‘lamli izchil islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zining tadrijiy taraqqiyot yo‘lini tanladi. Bunda aholini to‘g‘ri ovqatlanish me’yorlariga mos, yuqori sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Shu munosabat bilan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish asosida iqtisodiy islohotlarni kuchaytirish, qishloqda ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillariga mos tashkiliy tuzilmasini joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning mustaqilligini kengaytirish va ularning huquqiy himoyasini ta’minlashga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 1991-yil 29-noyabrda qabul qilingan «Respublikada dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimizda fermerlik harakatini rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Bu borada qabul qilingan Yer kodeksi, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida», «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida» va «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar fermerlikni rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy hamda moliyaviy mustaqilligini ta’minlash uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, fermer xo‘jaliklari samaradorligi va rentabelligini izchil oshirishni ta’minlaydigan moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yer maydonlarini optimallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ayni paytda qishloqlarda fermer xo‘jaliklariga keng turdagi xizmatlar ko‘rsatadigan zamonaviy ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi shakllantirilmoqda.

Prezidentimizning 2012-yil 22-oktabrdagi «O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini isloh etishning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur hujjat fermer xo‘jaliklarining samaradorligini oshirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, yer-suv resurslari va yaratilgan ishlab chiqarish salohiyatidan unumli foydalanish, qishloqni jadal rivojlantirish va obodonlashtirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlashda ularning rolini kuchaytirish imkonini bermoqda. Farmonga muvofiq tashkil qilingan O‘zbekiston Fermerlari kengashi, viloyatlar va tumanlar fermerlar kengashlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati idoralari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, shuningdek, sudlarda ish ko‘rib chiqilayotganda fermer xo‘jaliklarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar samarasida ayni paytda yurtimizda 73 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 28 mingdan ortig‘i ko‘p tarmoqlidir. Shu tariqa O‘zbekistonda fermerlik harakati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan asosiy tarmoqlardan biriga aylandi.

– O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi izchil rivojlanmoqda, – dedi Bolgariya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Dimitar Grekov. – Sohaga mahsulotlarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy uskuna va texnologiyalar joriy etilganiga guvoh bo‘ldik. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari mazasi, yuqori sifati va chiroyli qadoqlangani bilan ajralib turadi. Bu boradagi hamkorligimiz samarali va manfaatli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Konferensiyada qishloq xo‘jaligini isloh qilish jarayonida agrar tarmoqni mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy, jahon talablari va standartlariga mos ixtisoslashtirilgan texnika va uskunalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 15-mayda qabul qilingan «Qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining texnologik tarkibiy qismini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjatga muvofiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “O‘zagrosanoatmashxolding” xolding kompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniya o‘z tarkibida zamonaviy osma va tirkamali qishloq xo‘jaligi texnikasi, ularga ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan Toshkent va Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, shuningdek, Agregat zavodini birlashtiradi.

Konferensiyada O‘zbekistonning oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmining o‘sishi oziq-ovqat sanoati korxonalarini jadal rivojlantirishni ta’minlayotgani ta’kidlandi. Bugun mamlakatimizda qariyb yetti mingta shunday korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular ichki va tashqi bozorga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berayotir. 2012-2015-yillarda oziq-ovqat sanoatini kengaytirish va rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi hamda 2012-2015-yillarda qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va ularning turini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi oziq-ovqat sanoati korxonalari faoliyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi aholiga sanoat mahsulotlari, iste’mol tovarlari, o‘simlik yog‘i, margarin, mayonez, shakar va boshqa mahsulotlar yetkazib berayotgan yuzdan ziyod korxonani o‘z tarkibida birlashtirgan. Ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning bir qismi eksport qilinayotir.

Ayni paytda Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi sohada iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari turini kengaytirish va ichki bozorni yurtimizda ishlab chiqarilayotgan sifatli tovarlar bilan to‘ldirish ishlarini izchil davom ettirmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bu borada muhim omil bo‘layotir. Bugungi kungacha asosiy korxonalarda texnik va texnologik yangilash jarayoni yakunlandi. Buning samarasida joriy yil birinchi choragida oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,2 foiz o‘sdi. Xususan, qandolatchilikda bu ko‘rsatkich 3 barobar, oziq-ovqat ishlab chiqarish sohasida 2,5 barobar oshdi.

Oziq-ovqat sanoati korxonalari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar turi ham sezilarli darajada kengaydi. Masalan, soya, maxsar, kungaboqar kabi tarkibida moy bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish uchun ajratilayotgan yer maydonlarida yog‘-moy korxonalari tomonidan yiliga o‘rtacha 95 ming tonna xomashyo tayyorlanib, qayta ishlanmoqda. Non va non mahsulotlari turi ham ko‘paydi. Ayni paytda mamlakatimiz korxonalarida uch yuzdan ziyod turdagi non mahsulotlari tayyorlanmoqda. Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishda ham katta yutuqlarga erishildi. Uyushma korxonalarida bir yilda 1 300 tonnadan ortiq konfet, vafli, karamel, marmelad, xolva va boshqa shirinliklar ishlab chiqarilayotir. Yetmish turdan ortiq sut mahsulotlari, sariyog‘, pishloq, yogurt ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2013-2015-yilgi investitsiya dasturiga muvofiq meva sharbatlari va shinni ishlab chiqarishni ko‘paytirish ko‘zda tutilgan uch yuzga yaqin loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Bugungi kunda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar oldiga ishlab chiqarish sifatini oshirish va uni boshqarishning yangi standartlari, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalasi qo‘yilgan. Ularning joriy etilishi istiqbolda korxonalar quvvatini yangi darajaga ko‘tarish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish va turini kengaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, korxonalarni yangi qoidalar bo‘yicha sertifikatlashga tayyorlash, xodimlarni qayta o‘qitish, maxsus ta’mirlash guruhlari tashkil qilish va boshqa masalalar katta ahamiyat kasb etayotir. Ayni paytda qirqqa yaqin mahalliy korxona «ISO 9001» sifatni boshqarish xalqaro sertifikatiga ega. Qator korxonalarda «ISO 22000» oziq-ovqat xavfsizligi xalqaro menejment tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

– O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzi va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakob. – O‘zbekistonning FAO va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro komissiyasi tomonidan qabul qilingan oziq-ovqat xalqaro standartlari to‘plami – Alimentarius kodeksi, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning xavfsizligini ta’minlashni tizimli asosda qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, ijtimoiy tenglik va adolatni ta’minlashga qaratilgan «Salomatlik 2020» strategiyasini amalga oshirishdagi ishtiroki e’tiborga sazovordir.

Konferensiya qatnashchilariga mamlakatimizda ichki iste’mol bozori va aholini, ayniqsa, qish-bahor mavsumida meva-sabzavot mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, ularni eksport qilish ko‘lamini kengaytirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berildi. Mamlakatimizda «O‘zulgurjisavdoinvest» uyushmasi meva-sabzavot mahsulotlarini ulgurji xarid qilish, saqlash va aholini barqaror ta’minlash bilan shug‘ullanmoqda. Uyushma chekka tumanlardagi savdo tarmoqlarini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlari bilan uzluksiz ta’minlashga ham katta e’tibor berayotir.

Uyushma tizimida omborlar va sovutgichli kameralarga ega 57 hududiy ulgurji savdo bazasi va korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda kartoshka, sabzi, piyoz, meva, poliz, go‘sht mahsulotlari, un, o‘simlik yog‘i, shakar, konserva va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari saqlanmoqda. Omborlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, zamonaviy muzlatgich kameralar barpo etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ven Say Chjang, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Yanush Xerman, Islom taraqqiyot bankining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish departamenti direktori Demba Ba va boshqalar O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan iqtisodiy islohotlar, oziq-ovqat xavfsizligini, chunonchi, qishloq xo‘jaligini tubdan isloh etish va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish hisobidan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaralarini yuksak baholadi.

Konferensiya sho‘ba majlislarida davom etdi. Ularda jahon oziq-ovqat mahsulotlari bozorini rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish borasida xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan hamkorlik qilish, meva-sabzavot ekinlari va uzum hosildorligini oshirish, infratuzilma va logistika tizimlarini takomillashtirish hamda boshqa masalalar muhokama etildi.

Xalqaro konferensiya O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyali uskunalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirishga oid zarur choralar ko‘rilayotganini yorqin namoyon etdi. Bu, o‘z navbatida, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning uzviy qismi sifatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ulkan ishlab chiqarish salohiyatiga ega agrosanoat kompleksini jadal rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratish va shu tariqa mamlakatimiz farovonligi hamda barqarorligining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Konferensiya natijalari bo‘yicha yakuniy hujjat qabul qilindi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 26.02.2017
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati