O`zbekistonga tashriflar
25.05.2017

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkeshni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlik va muloqotlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

24.05.2017

O‘zbekiston Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Al Nahayonni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, keng ko‘lamli o‘zaro amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida ta’kidladi.

Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti doirasida 21-may kuni Ar-Riyod shahrida Abu Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Al Nahayon bilan uchrashuv, shuningdek, turli darajadagi aloqalar faollashgani O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishidan ikki mamlakat ham manfaatdorligi va bunga tayyor ekanini tasdiqlashi qayd etildi.

23.05.2017

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya ichki ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralarining terrorizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va qurol-yarog‘lar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro faol hamkorligini davom ettirish g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda Prezidentimizning shu yil 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi tashrifi davomida qabul qilingan ikki tomonlama, shu jumladan, migratsiya sohasiga oid kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

18.05.2017

O‘zbekiston Prezidenti Butunxitoy xalq vakillari kengashi delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-may kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, bosh kotibi Van Chen rahbarligidagi Butunxitoy xalq vakillari kengashi delegatsiyasini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida Prezidentimizning yaqinda Xitoy Xalq Respublikasiga oliy darajadagi tashrifi davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

10.05.2017

O‘zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va BMT, ushbu nufuzli universal xalqaro tashkilot institutlari, shu jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasida amaliy va ochiq muloqotni yanada rivojlantirish va mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladi.

Inson huquqlarini har tomonlama himoya qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etildi.

26.04.2017

O‘zbekiston Prezidenti AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondonini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni, general Jozef Leonard Votelni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli va serqirra hamkorlik, jumladan, harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat va ushbu mamlakatda tinchlikka erishish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

26.04.2017

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘luni qabul qildi.

O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari 2016-yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to‘qimachilik, ko‘nchilik, kimyo va farmatsevtika sohalari, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi doirasida yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

06.04.2017

O‘zbekiston Prezidenti MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Hamdo‘stlik doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash masalasiga muhim ahamiyat qaratilayotganini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda MDH ko‘p tomonlama hamkorlik, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish va muhokama etish uchun o‘ziga xos maydon hisoblanadi.

29.03.2017

O‘zbekiston Prezidenti «Gazprom» kompaniyasi boshqaruvi raisini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Millerni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasida neft-gaz sohasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik yuksak darajada rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugungi kunda dunyodagi yetakchi energetika kompaniyalaridan biri bo‘lgan «Gazprom» O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, tabiiy gazni eksportga yetkazib berishda faol ishtirok etmoqda.

16.03.2017

O‘zbekiston Prezidenti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (ETTB) prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasida o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini alohida qayd etdi.

Kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bank-moliya sektori, infratuzilmani, ayniqsa, qishloq joylarda modernizatsiya qilish, shuningdek, agrosanoat kompleksi, kimyo va neft-kimyo, metallurgiya sanoatida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi istiqbolli dastur hamda loyihalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 29.05.2017
Qidirish
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati